Abstract / Summary
Emizish davrida ayol organizmida energiya almashinuvi va tana tarkibida fiziologik o'zgarishlar yuz beradi. Tana vazni va tana massasi indeksi (BMI) umumiy antropometrik baholashda keng qo'llanilsa-da, ular organizmdagi yog' to'qimasining haqiqiy miqdorini to'liq aks ettirmasligi mumkin. Mazkur tadqiqotning maqsadi emizikli ayollarda BMI ko'rsatkichlarini tana yog'i va visseral yog' darajasi bilan birgalikda baholashdan iborat bo'ldi. Tadqiqot Qashqadaryo viloyati G'uzor tumanida 18–35 yoshdagi 50 nafar emizikli ayol ishtirokida kesim usulida olib borildi. Antropometrik o'lchovlar bilan bir qatorda bioelektrik impedans tahlili yordamida tana yog'i foizi, tana yog'i massasi, mushak massasi va visseral yog' darajasi baholandi. Natijalar BMI ortishi bilan tana yog'i ko'rsatkichlarining ham yuqorilash tendensiyasi mavjudligini ko'rsatdi. Shu bilan birga, ayrim guruhlarda BMI va tana yog'i ko'rsatkichlari o'rtasidagi tafovut tana tarkibini faqat BMI asosida baholashning cheklanganligini ko'rsatadi. Olingan ma'lumotlar emizikli ayollarda antropometrik ko'rsatkichlarni tana tarkibi parametrlari bilan birgalikda baholash maqsadga muvofiqligini ko'rsatadi.