Abstract / Summary
Bronxoobstruktiv sindrom bolalarda nafas yo'llari o'tkazuvchanligining buzilishi bilan kechadigan klinik holat bo'lib, turli etiologik omillar ta'sirida rivojlanadi. Uning asosida bronxlar silliq mushaklarining spazmi, bronxlar shilliq qavatining yallig'lanishi va shishi, bronxial sekretning ko'payishi hamda uning evakuatsiyasining buzilishi yotadi. Bolalarda nafas yo'llarining anatomik jihatdan torligi sababli bronxlar devoridagi nisbatan kichik o'zgarishlar ham havo oqimining sezilarli darajada cheklanishiga olib kelishi mumkin. Klinik jihatdan bronxoobstruktiv sindrom yo'tal, ekspirator hansirash, hushtaksimon xirillash, ekspiratsiyaning uzayishi, nafas olish chastotasining ortishi va yordamchi nafas mushaklarining ishtiroki bilan namoyon bo'ladi. Sindromning etiologik sabablari bolaning yoshiga qarab farqlanadi. Kichik yoshdagi bolalarda virusli bronxiolit va respirator infeksiyalar muhim o'rin tutsa, katta yoshdagi bolalarda bronxial astma ko'proq uchraydi. Shu bilan birga, yot jism aspiratsiyasi, pnevmoniya, traxeobronxomalatsiya, mukovissidoz, aspiratsion sindrom va yurak kasalliklari ham bronxoobstruktiv belgilar bilan namoyon bo'lishi mumkin. Mazkur maqolada bolalarda bronxoobstruktiv sindromning klinik belgilari, rivojlanish mexanizmlari, diagnostik yondashuvlari va asosiy differensial diagnostik mezonlari tahlil qilinadi.