Abstract / Summary
Bolalarda yurak shovqinlari pediatrik amaliyotda tez-tez aniqlanadigan auskultativ belgilar bo'lib, ularning mavjudligi har doim yurakning organik kasalligi mavjudligini anglatmaydi. Yurak shovqinlari yurak bo'shliqlari va yirik qon tomirlar orqali qon oqimining turbulent xarakterga ega bo'lishi natijasida yuzaga keladi. Ular funksional yoki zararsiz, shuningdek, yurakning strukturaviy va gemodinamik o'zgarishlari bilan bog'liq patologik shovqinlarga bo'linadi. Bolalarda yurak shovqinini baholashda uning yurak siklidagi joylashuvi, intensivligi, tembri, davomiyligi, maksimal eshitiladigan nuqtasi, boshqa sohalarga tarqalishi va bolaning tana holatiga bog'liqligi muhim diagnostik ahamiyatga ega. Sistolik shovqinlarning ayrim turlari sog'lom bolalarda ham uchrashi mumkin, diastolik shovqinlar esa ko'proq patologik jarayon bilan bog'liq bo'ladi. Tug'ma yurak nuqsonlari, klapan patologiyalari, septal nuqsonlar va chiqish yo'llari obstruksiyasi yurak shovqinlarining muhim sabablari hisoblanadi. Ushbu maqolada bolalarda yurak shovqinlarining shakllanish mexanizmlari, klinik-diagnostik ahamiyati, auskultativ xususiyatlari va asosiy differensial diagnostik mezonlari tahlil qilinadi.